Kontent qismiga oʻtish

Asgard

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Asgard (qadimgi skandinavcha: Ásgarðr) – skandinav mifologiyasidagi xayoliy shahar. Odin, Thor, Loki, Baldr kabi xudolar Asgard shahrida istiqomat qiladi[1][2].

Skandinav mifologiyasida Asgard (qadimgi skandinavcha: Ásgarðr; „Æsir bogʻi“) xudolar bilan bogʻliq joy hisoblanadi. U bir necha qadimgi skandinaviyalik sagalar va mifologik matnlarda, jumladan, Eddalarda tilga olinadi, biroq baʼzi manbalarda u bilvosita eslatilgan boʻlishi ham mumkinligi taxmin qilingan. Asgard Æsir xudolarining mustahkamlangan maskani sifatida tasvirlanadi va koʻpincha oltin bilan bogʻliq tasvirlar bilan ifodalanadi. Shuningdek, u skandinaviyalik mifologiyada mashhur boʻlgan Valhalla, Iðavöllr va Hlidskjálf kabi joylarni ham oʻz ichiga oladi.

Baʼzi evhemeristik talqinlarda Asgard Osiyoda yoki Troya shahri sifatida tasvirlangan. Biroq, qadimgi skandinaviyalik din tasavvuriga koʻproq mos keladigan boshqa manbalarda u anʼanaviy geografik joylashuvga bogʻliq emas. Ushbu talqinlarga koʻra, Asgard turli joylarda – Bifröst kamalak koʻprigining ustida, dunyoning markazida yoki dengizning narigi tomonida joylashgan deb tasvirlanadi.

Etimologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qadimgi skandinavcha Ásgarðr soʻzi áss („xudo“) va garðr („oʻralgan joy“ yoki „qal’a“) soʻzlarining qoʻshilishidan hosil boʻlgan[3]. Ushbu soʻzning turli variantlarini qoʻllash mumkin, jumladan: Ásgarthr, Ásgard, Ásegard, Ásgardr, Asgardr, Ásgarth, Asgarth, Esageard va Ásgardhr[4].

Qoʻllanilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Asgard Poetik Eddada ikki marta tilga olingan[5]. Birinchi holat Hymiskviða dostonida uchraydi, unda Thor va Týr Asgarddan Hymirning saroyiga yoʻl oladi. Ularning maqsadi Ægir va xudolar uchun yetarlicha katta qozon topib, unda pivo tayyorlash boʻlgan[6][7][8].

Ikkinchi holat esa Þrymskviða dostonida uchraydi. Bu yerda Loki Thorni Freyja qiyofasiga kirishga koʻndirishga harakat qiladi. U Thorni Mjölnirni qaytarib olmasa, jötnarlar (devlar) tez orada Asgardda yashay boshlashiga ishontirishga urinadi[7].

Grímnismál dostonida kosmologik tasvirlar qatorida xudolarning bir nechta maskanlari, jumladan Álfheim, Nóatún va Valhalla haqida soʻz yuritiladi. Baʼzi tadqiqotchilar bu joylarni Asgard hududida deb hisoblashadi. Biroq, ushbu dostonning hech bir joyida Asgard nomi bevosita tilga olinmaydi[9][10].

Bundan tashqari, Völuspá dostonida Æsir xudolarining eng mashhur uchrashuv joylaridan biri boʻlgan Iðavöllr eslatib oʻtiladi. Gylfaginning asarida esa Snorri Sturluson ushbu joyni Asgardning markazida joylashgan deya tasvirlaydi.[11][12].

Nasriy Eddaning evgemeristik prologida Æsir xudolari sharqdan shimoliy hududlarga koʻchib kelgan odamlar sifatida tasvirlanadi[13]. Snorrining soʻzlariga koʻra, Asgard dastlab yunon jangchilari tomonidan egallanishidan oldin Troya shahri boʻlgan. Magʻlubiyatdan soʻng, troyaliklar shimoliy Yevropaga koʻchib oʻtib[13], ilgʻor texnologiyalari va madaniyati tufayli ustun guruhga aylanishgan. Vaqt oʻtishi bilan boshqa qabilalar troyaliklarni va ularning yetakchisi Trórni (qadimgi skandinav tilida Thor) xudo sifatida koʻra boshlashgan[3].

Gylfaginning asarida Snorri Sturluson dunyo yaratilish jarayonini tasvirlab, xudolar yerni yaratib, uni dengiz bilan oʻrab olganini aytadi. Ular osmanni Ymirning bosh suyagidan yasagan va jötnarlarni yerning chekkasiga joylashtirgan. Xudolar Ymirning qosh suyaklarini qoʻyib, Midgardni shakllantirgan va dunyoning markazida Asgardni qurishgan. Snorri bu hududni Troya shahri bilan bogʻlaydi[14].

Asgard xuddi Gylfaginningdagi kabi Skáldskaparmál asarida ham Æsir xudolarining maskani sifatida qisqacha tilga olinadi[5]. Ushbu boʻlimda Asgard ichida joylashgan bir necha joy, jumladan Valhalla va uning eshiklari oldidagi Glasir nomli oltin daraxtzor tasvirlanadi[5]. Shuningdek, asarda Thorning nomlaridan biri „Asgard himoyachisi“ (qadimgi skandinavcha: verjandi Ásgarðs) ekanligi qayd etilgan[15][16].

Ommaviy madaniyatda tasvirlanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Asgard va Valhalla ommaviy madaniyatda koʻp marotaba tasvirlangan.

Kino sanʼatida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Asgard 1989-yilda suratga olingan „Erik the Viking“ komediya filmida muzliklar bilan qoplangan, Valhalla zallari baland platosida joylashgan xarobaga aylangan hudud sifatida tasvirlangan. Filmda Æsir xudolari erkatoy bolalar sifatida namoyish etiladi[17].

Thor ilk bor Marvel olamida Journey into Mystery komiks seriyasining 1962-yil avgust oyida chiqqan 83-sonida paydo boʻlgan. Ushbu nashrdan soʻng, u Loki va Odin bilan birga Marvel komikslari markaziy qahramonlaridan biriga aylangan.

Marvel kinematografiya olamida Thor va Loki ilk bor 2011-yilda suratga olingan „Thor“ filmida namoyon boʻlgan. Shundan soʻng, Thor muntazam ravishda Marvel filmlarida koʻrinsh beradi va „Qasoskorlar“ seriyasining ajralmas qismiga aylanadi.

Asgard „Thor: Ragnarok“ filmida asosiy mavzuga aylangan boʻlib, u qadimgi skandinav mifologiyasidagi voqealarga muvofiq tarzda yoʻq qilinadi. Marvel olamiga asoslangan video oʻyinlar, teleseriallar va kitoblarda ham Asgard va boshqa skandinav mifologiyasi elementlari uchraydi, ammo bu tasvirlar koʻpincha tarixiy manbalarga toʻliq mos kelmaydi.

Video oʻyinlarda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Asgard God of War: Ragnarök video oʻyinida oʻrganish mumkin boʻlgan hududlardan biri sifatida tasvirlangan. Ushbu oʻyin 2018-yilda skandinav mifologiyasiga asoslangan God of War oʻyinining davomi hisoblanadi[18].

Shuningdek, Assassinʼs Creed Valhalla oʻyinida Asgard „tasavvuriy sayohat“ (vision quest) qismi sifatida namoyon boʻlgan boʻlib, unda oʻyinchilar skandinav xudolari bilan bogʻliq voqealarni boshdan kechiradilar[19].

  1. „Asgard“. Random House Webster’s Unabridged Dictionary.
  2. Lindow, John. Norse Mythology: A Guide to Gods, Heroes, Rituals, and Beliefs. Oxford/Nyu-York: Oxford University Press [First published 2001, by ABC-CLIO], 2002. ISBN 0-19-515382-0. 
  3. 3,0 3,1 Lindow 2002.
  4. Encyclopedia Britannica, Asgard.
  5. 5,0 5,1 5,2 Simek 2008, s. 20.
  6. Orchard 2011, s. 77, Hymiskvida: The song of Hymir, stanza 7.
  7. 7,0 7,1 Bellows 1923, Þrymskviða, stanza 17.
  8. Simek 2008, ss. 167–169.
  9. Simek 2008, ss. 8, 235, 329.
  10. Mattioli 2018, s. 102.
  11. Boult 1948.
  12. Sturluson 2018, Gylfaginning, chapter 14.
  13. 13,0 13,1 Sturluson & Byock 2005.
  14. Sturluson 2018, Gylfaginning, chapter 8, 9.
  15. Sturluson 2018, 11. Kennings for Thor.
  16. Skáldskaparmál, Chapter 11.
  17. „Erik the Viking (1989)“. Rotten Tomatoes. Qaraldi: 2024-yil 9-yanvar.
  18. God Of War Interview.
  19. PC Games AC.