Badash
Bu maqolani oʻchirish taklif etiladi. Sababi va mos munozaralarni quyidagi sahifadan topishingiz mumkin: Vikipediya:Oʻchirishga/Badash. Maqolani yaxshilashga urinib koʻrishingiz mumkin, ammo munozara jarayoni yakunlanmagunga qadar mazkur ogohlantirish xabarini aslo olib tashlamang. Manbalar izla: „Badash“ – yangiliklar · gazeta · kitoblar · akademik · JSTOR Maqola muallifiga: Maqolangiz oʻchirilish arafasida boʻlsa, nima qilish kerak? Administratorlarga: bu yerga havolalar • tarix (oxirgi oʻzgarish) • qaydlar • oʻchirish |
Badash tarixi[1]
[tahrir | manbasini tahrirlash]O‘zbekiston janubida, ya’ni Surxondaryoda musiqaning badash deb nomlangan yo‘nalishi mavjud. Ushbu yo‘nalish ko‘p asrlar davomida Ko‘hitang tog‘ining markazida yashovchi aholi tomonidan ijro etib kelingan.
Badashni O‘rta Osiyo hududida faqat Bog‘lidara, Tangidevon, Xatak, Xo‘janqon, Bedak, Zarautsoy qishloqlari aholisi XX asr o‘rtalariga qadar ijro etib kelishgan. Ko‘hitangtog‘ hududi aholisining hayoti va turmushida doira badashi asosiy tur bo‘lgan va u boshqa hududdagi doira usullaridan ancha farq qilishi bilan ajralib turgan.
Badash san’atining ildizlari qadimiy turkiy ajdodlar davriga borib taqaladi. Badash atamasi qadim turkiylarda o‘zaro muloqot-muomalasida ishlatilgan badar so‘zi bilan bog‘liq. Badar «yengil shovqin»; «urmoq»; badar qïl – «musht bilan urmoq» kabi ma’nolarni anglatadi[2].

Badash usullari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Badash – ohang, kuy, nola, nag‘ma (na’ma) singari to‘rt usulning birgalikda daf (doira) orqali ifodalanishidan hosil bo‘ladi. Har bir usul bir nechta qismdan tashkil topadi.
Ohang – bolalar, yigit-qizlar, barcha yoshdagi erkagu ayolning ovoz chiqarib qo‘shiq aytishini ohang deya tushuniladi. Ijrochilar yoshi va jinsiga qarab jami 6 qismdan tarkib topadi.
Kuy – tanbur, chang, rubob, dutor, afg‘on rubobi, qonun va boshqa cholg‘u asboblari vositasida chalinsa, bu kuy bo‘ladi. Musiqa asboblari soniga qarab, u ham olti qismdan tashkil topadi.
Nola – og‘izga qo‘yib chalinadigan musiqa sozlari – chanqovuz, sibiziq (sibizg‘a), xushpulloq (loydan yasalgan og‘izdan puflanib aytiluvchi cholg‘u asbobi) va nay vositasida ijro etiladi. Ba’zan chanqovuz nolasi yoki nay nolasi deb ham atalgan. Nolada ishlatiladigan musiqa asboblari soniga qarab, to‘rtta qismdan tashkil topgan deb hisoblash mumkin.
Nag‘ma (na’ma) – do‘mbira, rubob, g‘ijjakning chalinishidan hosil bo‘ladi. Nag‘ma uchta qismdan hosil bo‘ladi.
Badash notalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Badashda o‘ziga xos «nota»lar bo‘lgan. Doira badashida bu vazifani «bij-don-ba, bij-don-bij» deyiladigan o‘ziga xos «shartli nota»lar bajaradi.
Badashda turklardagi qam (shamanizm) dini belgilari yaqqol seziladi. Chunonchi, badashdagi ijdibi, bij, bodiba singari ohanglar qadimgi turkiycha bedük – «ulkan», «katta», beδü – «ulug‘lanmoq», «ko‘tarilmoq», beδük – «yuksak», bo’gü – «dono», idi – «xo‘jayin», iδi – «egam» (Xudo), їduq – «muqaddas», «avliyo»[3] singari ma’nolarni anglatadi. Ushbu ohanglarning qadimgi ma’nolari – «Tangri», «yuksaklik», «Tangrining jamoliga erishish». Shu yo‘l bilan badash islomiyatdan oldin xalq dilidagi orzu-niyatlarni Xudoga yetkazishga intilgan.
Milliy o‘yinlar, vatanparvarlik, merganlik bilan bog‘liq badashlarda boda, bodba, bodom ohanglari ishlatiladi. Bu ohanglar qadimgi turkiycha bodun – «aholi», «xalq», «xalq ommasi» singari tushunchalarni beradi[4]. Toshtaroshlik va umuman tosh yo‘nish bilan bog‘liq hunarmandchilik turlarida bol, bolbol ohanglari uchraydi. Qadimgi turkiycha bol - «sodir bo‘lmoq»[5], balbal - «marosim toshi», «tosh haykal»[6] ma’nosini anglatadi.
Badashni ijro etish qoidalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Badashda ayollarning ishtirok etishi asosiy qoida edi. Badash tarqalgan qishloqlarda barcha ayollar mohir doirachi bo‘lishgan. Xatak elida doira chalishni bilmagan ayol tuzuk odam o‘rnida ko‘rilmagan, hatto buni qo‘rs-johillik alomati yoki odobsizlik deb ham tushunilgan. XX asr boshlariga qadar badash marosimlarini to‘la egallamagan va chanqovuz chalishni bilmagan qizlarga sovchi jo‘natilmagan. Bunday qizlar voyaga yetmagan deb hisoblangan. Shu sababki, oilada nechta ayol bo‘lsa, o‘shancha doira saqlangan va qizlar bolalikdan doira chalishga o‘rgatib borilgan.

Badash san’ati Navro‘z va hosil bayramlarida, sunnat va nikoh to‘ylarida ijro etilgan. Buning uchun oldindan tekis katta maydon tayyorlab qo‘yiladi. Kech bo‘lganida maydon o‘rtasida katta gulxan yoqiladi. Maydonning erkaklar joylashgan tomonida kurash, ya’ni olish musobaqasi o‘tkazilgan. Avval yosh bolalar, so‘ngra yoshi kattalar davraga tushib kuch sinashgan. Maydonning boshqa tomonida esa, ayollar to‘la aylana shakl hosil qilib badash ijro etishgan. 30–40 va hatto 50 tagacha ayol birvarakayiga doira chaladi. Doiralardan bir takt bo‘lib chiqayotgan tekis, salobatli zarblar kishi ruhiyatiga o‘zgacha ta’sir qilib, uning kayfiyatini ko‘taradi. Barmoq va kaftlar zarbidan doira tegrasidagi sanoqsiz nuqra va mis xalqachalar tiniq jaranglab doira badashining jozibasini yanada oshiradi. Doiralardan maromli ritmda taralgan jozibali va jarangdor bij-don-ba, bij-don-bij sadolari uzoq-uzoqlarga eshitilib turadi. Doira badashi ohanglari ichda aytiladi va zarblarga monand qayta-qayta takrorlanaveradi.

Nikoh to‘ylarida esa, badash boshqacharoq o‘tkazilgan. Unda kelin kuyovning uyiga otda olib ketilayotgan vaqtda badashchi ayollar xuddi paraddagidek uch-to‘rt qator bo‘lib turishgan va kuyovning uyiga qadar doira chalib borishgan.
Badash bilan bog‘liq bayram-to‘ylarda qarsak chalish odati yo‘q edi. Negaki, faqat motam marosimida, ya’ni o‘lgan odamning mayiti ustida ayollar qarsak chalib yig‘laganlar. Qarsak motam udumi bo‘lganidan badashda ishlatilmagan.
Badash turlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qo‘sh haydash badashi – Navro‘z va hosil bayramlarida aytiladi. Xalq o‘z vaqtida ekin-tikin qilishga chorlangan. U eng qadimgi badash turi hisoblanadi.
Katta badash – badashning qadimgi, shu bilan birga og‘ir turi hisoblanadi. Ba’zan sumalak qo‘yish badashi ham deyiladi. Katta badash ko‘proq Navro‘z va hosil bayramlarida ijro etilgan. Uning asosiy maqsadi, xalqni do‘stlikka, birlikka, ahillikka, mehnatga, tinch-totuv yashashga, o‘z yurtini jonu dili bilan himoya qilishga chaqiradi.
Non yopish – badashning asosiy turlaridan biri. Ikkinchi nomi novvoy badash. Uning bosh vazifasi bug‘doyni vaqtida ekib uni o‘rish, og‘ir vaqtlarda esa yo‘lini topib, hatto tog‘ning tepasiga chiqib bo‘lsa ham g‘alla ekishni o‘rgatish. Novvoylikni faxrli kasb deb ulug‘laydi. Odamlarni yakdillikka, ahil bo‘lib yashashga, mehmondorchilik qoidalari-ga rioya qilishga chaqiradi.
Temirchi badashi – qadimdan yetib kelayotgan temirchilik kasbini o‘rgatish, uni kelajak avlodlarga yetkazish ko‘zlangandir. Badashni boshqarib turgan onaxon temirchi badashning maqsad–vazifasi va qoidasini tushuntirib bergan.
Uy qurish (o‘tov) badashi – xalqni uy-joy qurishga, bunyodkorlik bilan shug‘ullanishga chaqiradi. Uysozlarni hurmat qilishni o‘rgatadi. Farzandlari uchun tug‘ilganidan boshlab uy qurishi lozimligini eslatadi.
Tegirmon badashi – qadimgi badash turlaridan biri. Aholini tegirmon qurish va un bilan ta’minlashga chaqirgan.
Pilla badash – asosiy e’tiborni xalqning orasta kiyinishiga qaratadi. Masalan, paxtadan to‘qilgan bo‘z, olacha kiyimlar dalada ishlash uchun qulay bo‘lsa, ipak, shoyi to‘y-hashamlarda yarashgan. Shuning uchun badash ipak qurti boqib, pilla olishga xalqni chaqiradi.
Araz badash (ba’zan qudalar aytishuvi ham deyiladi) – Navro‘z bayrami va nikoh to‘ylarida ijro etilgan.

Yarash badash – araz badashdan keyin kuylanadi. Vazifasi – odamlarni mehr-oqibatga, ahil-inoq yashashga chorlash. Yarash badashda ikki doirachi qo‘llarini bir-birlarining qo‘ltig‘idan o‘tkazib doirani chaladi. Ba’zan doiralarini bir-birlariga xuddi urishtirayotgandek qilib ko‘rsatishadi. Gohida yarashganliklarining belgisi sifatida bir-biriga orqa tomondan yelka qo‘yib doira chalishgan. Bir kishi qo‘shiq aytgan.
Kuyov keldi badashi – kelinning uyiga kuyov kelgan vaqtda ijro etiladi. Uning vazifasi kelinni sepi bilan olib ketish marosimini to‘la ifoda etishga qaratilgan bo‘lgan. Badash aytuvchi kelin-kuyovning ota-onasiga nikoh to‘yi qoida va rasm-rusumlarini tushuntiradi. Boshqalar ham eshitib ibrat olishi uchun kuyov tomonning vazifalari, urf-odatlarga amal qilishning ahamiyati, kelinning ota-onasiga esa, qizining tarbiyasidan tortib to beriladigan sepiga qadar birma-bir eslatadi.
O‘yin badash – to‘ylarda ijro etiladi. Xalqni ahillikka, tinchlikka, do‘stlikka, mehru muhabbatga, birdamlikka, o‘yin-kulguga chaqiradi. Badashni ijro etish jarayonida bir ayol qizlarga atab qo‘shiq aytadi, qizlar esa o‘yinga tushadi.
Chanqovuz badash – badashning bu turida faqat chanqovuz ishtirok etadi. Uni chalish uslubi boshqa joylardagidan farq qilgan. Turkiy urug‘larda faqat o‘ng qo‘lning ko‘rsatkich barmog‘i bilan chanqovuz chalingan bo‘lsa, xatakliklar o‘ng qo‘l ko‘rsatkich barmog‘iga qo‘shimcha chap qo‘l chimchilog‘i hamda nomsiz barmoqni ham ishlatganlar.

Ko‘pkari badash – badashning qadimiy turlaridan bo‘lib, xalqni ko‘pkari o‘tkazib turishga chaqiradi. Ko‘pkarida o‘yin qoidalari, rasm-rusumlar, irim-sirimlar tushun-tirilgan. Ma’lumki, turkiy xalqlarda keng tarqalgan ko‘pkari o‘zbek xalqining ham sevimli o‘yini, eng katta tomoshasi hisoblanadi.
Polvon badash – badashning qadimiy turlaridan biri. Yoshlarni kurashga tushishga chaqirgan. Xalq tilida u olish deyiladi.
Askar badash – onalar o‘z farzandlarini jangga kuzatganlarida kuylashgan. Askar badashning qoidasi: 2-3 marta old yoki orqa tomonga yuradi. Naqoratda qo‘llarini ikki yoniga aylantirib chaladi.
Yo‘l badash – cholg‘usiz ijro etilgan. Mazkur badash o‘z farzandini urushga kuzatgan onalar, eri jangga yo‘l olgan kelinlar tomonidan aytilgan.
Askar qiz badashi – badashning qadimiy turlaridan biri. Uning vazifasi o‘z vatanini himoya qilib, xalqini sog‘-salomat saqlash maqsadida jangga otlangan ayollar haqida so‘zlab berish.
Mergan badash – qadimiy badash turlaridan biri. Ikkinchi nomi ovchi badash. Vazifasi merganlar haqida so‘zlab berish. Xalq orasida merganlik madaniyatini yoyish. Merganlarning jamiyatdagi o‘rnini ko‘rsatib beradi, ularni hurmat qilishga chaqiradi.
Hozirgi kunda ham Ko‘hitang hududidagi Xatak qishlog‘ida badash mahalliy xalq uchun odob-axloq majmuasi bo‘lib qolmoqda. Surxondaryo viloyatida madaniyat, san’at hamda madaniy turizm sohasini rivojlantirish, shuningdek, milliy qadriyat va an’analarni keng targ‘ib etishga qaratilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- “Badash” – xalq urf-odatlari, an’analari mahsuli
- «Navro‘ziy navolar» O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil, 21 mart soni
- Surxondaryo viloyatida madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori, 26.04.2024 yildagi 240-son
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ikrom Umarov. Badash: tarix va an’ana (Monografiya), Termiz «Surxon-Nashr», 2018 y.
- ↑ Drevnetyurkskiy slovar. Leningrad, 1969, str. 77.
- ↑ Drevnetyurkskiy slovar. Leningrad, 1969, str. 91, 116, 203, 217.
- ↑ Drevnetyurkskiy slovar. Leningrad, 1969, str. 108.
- ↑ Drevnetyurkskiy slovar. Leningrad, 1969, str. 111.
- ↑ Drevnetyurkskiy slovar. Leningrad, 1969, str. 80.