YIDXP
O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali | |
---|---|
![]() | |
Tijoratmi | yo‘q |
Sayt turi | internet portal |
Roʻyxatdan oʻtish | majburiy |
Roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilar soni | 10 milliondan ziyod (2025-yil 1-fevral holatiga) |
Qaysi tillarda | o'zbek, rus, ingliz |
Muassisi | O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi |
Ochilgan sanasi | 1-iyul 2013-yil |
Joylashuv | O‘zbekiston Respublikasi |
Mamlakat | O‘zbekiston |
URL | https://my.gov.uz/ |
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) — bu butunjahon internet tarmog‘ida rasmiy internet portal bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va biznes uchun elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini taqdim etadi. Portal davlat idoralari bilan o‘zaro hamkorlikni soddalashtirish va keng ko‘lamli davlat xizmatlariga yagona raqamli interfeys orqali tez va qulay kirishni taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan (my3.gov.uz).
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali taqdim etiladigan xizmatlardan foydalanish uchun foydalanuvchilar (jismoniy va yuridik shaxslar) Yagona identifikatsiya tizimida ro‘yxatdan o‘tishlari lozim. Buni quyidagi havola orqali amalga oshirish mumkin:
(OneID)
YIDXP tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]
2013
2013-yil 1-iyul kuni Internet tarmog‘ida my.gov.uz veb-manzilida YIDXP 1-talqini test rejimida ishga tushdi.
YIDXP O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 14-fevraldagi PF-1920-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Obod turmush yili” Davlat dasturiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrdagi 378-son qaroriga asosan yaratilgan.
YIDXP 1-talqida kundalik turmushga taalluqli soha va yo‘nalishlarni o‘z ichiga oluvchi 40 ga yaqin interaktiv xizmatlar taqdim etildi. Ularning ayrimlari quyidagilar:
- Vazirlik va idoralarga murojaat yo‘llash;
- Vazirlik va idoralar rahbari qabuliga yozilish;
- Vazirlik va idoralarning bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha murojaat qilish;
- Yuridik va jismoniy shaxslar uchun Internet va statsionar telefon ulash uchun ariza berish;
- Davlat soliq xizmatlari organlari tomonidan soliq qarzi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish uchun ariza berish;
- Telekommunikatsiya sohasiga tegishli litsenziyalarni olish bo‘yicha ariza berish.
2014
YIDXP faoliyatining birinchi yilida (2014 yil) katta hajmda ishlar amalga oshirildi. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati idoralari, jumladan, tuman va shahar hokimliklaridan iborat 500 dan ortiq tashkilot portal tizimiga integratsiya qilindi.
Bu davr mobaynida 200 ga yaqin elektron davlat xizmati ishga tushirildi, bu esa o‘z navbatida fuqarolar va tashkilotlar uchun elektron davlat xizmatlaridan kengroq foydalanish imkoniyatini yaratdi.
2017
2017-yil 18-iyul sanasida YIDXP ning yangi 2-talqini my2.gov.uz (Wayback Machine saytida 2018-06-20 sanasida arxivlangan) veb-manzilida ishga tushdi hamda bugungi kunga qadar faol foydalanib kelinmoqda. YIDXP 2-talqini jismoniy va yuridik shaxslarning ma’lumotlar bazasi bilan integratsiya qilingan hamda Portalga kirish foydalanuvchilar yagona identifikatsiyasi qilish tizimi (OneID) orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, YIDXP 2-talqinida fuqarolar (jismoniy shaxslar) va tadbirkorlar (yuridik shaxslar) shaxsiy kabinetlari ajratilgan va shu bilan birga elektron davlat xizmatlari uchun onlayn to‘lov imkoniyati yaratildi.
Yagona portalning 2-talqinida portal foydalanuvchilari hisoblangan ish haqi va pensiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni onlayn tarzda olishlari, to‘lanmagan soliqlar, kommunal xizmatlar, ijro hujjatlari va yo‘l harakatiga oid jarimalarini tekshirishlari mumkin.
2020
2020 yil iyulida, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” loyihasi doirasida yangi mexanizmlar joriy etildi.
Bu yangiliklar qishloq joylarida yashayotgan aholi uchun davlat xizmatlarini yana-da sifatli va oson olish imkoniyatini yaratdi.
2023
2023-yil 24-oktabr kuni ICT Summit 2023 tadbirlari doirasida YIDXP ning yangi 3-talqini my3.gov.uz veb-manzilida taqdim etildi. YIDXP 3-talqini zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirilgan dizaynga ega bo‘lib, MyID yuzni tanish orqali identifikatsiyadan o‘tish, “Muxlisa” ovozli yordamchisi, elektron xizmatlarni baholash kabi imkoniyatlarni o‘z ichiga oladi.
Huquqiy tartibga solinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonuni 28-moddasiga muvofiq elektron davlat xizmatlari ariza beruvchilarga davlat organlarining rasmiy veb-saytlari orqali hamda davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanishning yagona nuqtasi bo‘lgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentabrdagi 728-sonli qarori bilan tasdiqlangan YIDXP to‘g‘risidagi nizomga asosan YIDXP axborot, uslubiy, texnik kuzatuvi va ma’murchiligi “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator UZINFOCOM” MChJ tomonidan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-iyundagi 409-sonli qaroriga asosan elektron hukumat infratuzilmasini yanada rivojlantirishni ta’minlash, shu jumladan YIDXP, davlat xizmatlari va boshqa elektron hukumat axborot tizimlari xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘langan davlat boji va yig‘imlar miqdorini hisobga olishning yagona billing tizimini rivojlantirish “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining funksiyalaridan biri sifatida belgilangan.
Foydalanuvchilar
[tahrir | manbasini tahrirlash]YIDXPdagi elektron davlat xizmatlaridan jismoniy (yakka tartibdagi tadbirkor) va yuridik shaxslar foydalanadilar. Ayrim davlat xizmatlaridan faqat ma’lum bir talablarni bajargan talabgorlar foydalanishlari mumkin.
2025-yil 1-fevral holatiga YIDXP foydalanuvchilar soni 10 milliondan oshdi. Foydalanuvchilarning 53,45 foizini erkaklar, 46,55 foizini ayollar tashkil etmoqda.
Foydalanuvchi yoshi | Umumiy miqdordagi ulushi |
---|---|
18 yoshgacha | 1,76 foiz |
19-24 yosh oralig‘ida | 17,47 foiz |
25-34 yosh oralig‘ida | 31,02 foiz |
35-44 yosh oralig‘ida | 24,87 foiz |
45-54 yosh oralig‘ida | 13,40 foiz |
55 va undan yuqori | 11,48 foiz |
Elektron davlat xizmatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Elektron davlat xizmati – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qo‘llanilgan holda ko‘rsatiladigan davlat xizmatidir.
YIDXP orqali ko‘rsatiladigan elektron davlat xizmatlari va servislar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan huquqiy hujjat yoki Raqamli texnologiyalar vazirligi va Vakolatli tashkilot tomonidan tasdiqlangan kelishuvda ko‘rsatilgan tartib (reglament) asosida ko‘rsatiladi.
Elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida ariza yuboruvchi to‘g‘risidagi maʼlumotlar (mulkka egalik huquqi, shaxsiy maʼlumotlar va boshqa zarur maʼlumotlar) davlat organlarining axborot tizimlaridan avtomatik ravishda olinadi. Bu maʼlumotlar idoralararo elektron hamkorlik asosida yunikal identifikatorlar orqali integratsiya qilinadi.
Yillar | 2017 | 2018 | 2019 | 2020 | 2021 | 2022 | 2023 | 2024 |
---|---|---|---|---|---|---|---|---|
Xizmatlar soni (ta) | 49 | 127 | 173 | 218 | 300 | 370 | 570 | 700 |
Arizalar soni (mln) | 0,5 | 1,3 | 2,8 | 3,1 | 9,3 | 14,2 | 20,0 | 32,0 |
Elektron davlat xizmatlari xizmat ko‘rsatish muddatiga ko‘ra “avtomatik” hamda “yarim avtomatik” xizmatlarga bo‘linadi. “Avtomatik” davlat xizmatidan foydalanilganda xizmat natijasi darhol (avtomatik tarzda) taqdim etiladi, “Yarim avtomatik” davlat xizmatlarida esa xizmat ko‘rsatish muddati reglamentga muvofiq bir necha ish kunini tashkil etadi.
2025-yil 1-fevral holatiga ko‘ra YIDXPda 720ta elektron davlat xizmati joriy etilgan bo‘lib, mazkur xizmatlar 18 ta soha (Fuqarolik, Ta’lim, Oila va bolalar, Yoshlar, Ijtimoiy himoya, UJXK, Soliqlar, Bojxona, Transport, Ko‘chmas mulk, Ma’lumotnomalar va boshqalar) bo‘yicha taqsimlangan.
Jismoniy shaxslar uchun
[tahrir | manbasini tahrirlash]YIDXP orqali joriy etilgan xizmatlardan 366 turdagi elektron davlat xizmatlaridan ham jismoniy, ham yuridik shaxslar foydalanishlari mumkin.Shuningdek, 252 turdagi xizmatlar faqat jismoniy shaxslar uchun foydalanishga taqdim etilgan.
Xizmat nomi | Soha | Arizalar soni |
---|---|---|
Hisoblangan ish haqi summalari to‘g‘risida maʼlumot | Soliqlar | 3 028 569 |
Mehnat daftarchasidan ko‘chirma olish | Maʼlumotnomalar | 2 545 152 |
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish | Soliqlar | 1 873 493 |
IMEI raqamni FaceID orqali ro‘yxatdan o‘tkazish | Axborot va aloqa | 1 569 820 |
Soliqlar va yig‘imlardan soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish | Soliqlar | 1 560 492 |
Doimiy yashash joyi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish | Maʼlumotnomalar | 1 506 946 |
UzAuto Motors AJ orqali avtomobil sotib olish uchun navbatni tekshirish | Transport | 1 357 007 |
Kam ta‘minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashga ariza berish | Ijtimoiy himoya | 1 216 396 |
Avtotransport boshqaruvi uchun jismoniy shaxslarga elektron ishonchnoma(sotish, boshqa davlatga olib chiqib ketish huquqisiz) berish | Transport | 1 142 491 |
Bolani davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish uchun ariza berish | Oila va bolalar | 963 920 |
Yuridik shaxslar uchun
[tahrir | manbasini tahrirlash]YIDXPda mavjud xizmatlardan 151 turdagisi faqat yuridik shaxslar uchun ko‘rsatiladi. Yuridik shaxslar tomonidan elektron davlat xizmatlaridan foydalanishda ayrim hollarda yuborilayotgan ariza elektron raqamli imzo (ERI) bilan tasdiqlash talab etilishi mumkin.
Xizmat nomi | Soha | Arizalar soni |
---|---|---|
Tashqi iqtisodiy faoliyatga tegishli kontrakt (shartnomalar) ma’lumotlarini Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritish | Iqtisodiyot, biznes va e-tijorat | 212 728 |
Noturar obyektlarini kadastr pasportini shakllantirish va ularga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish | Ko‘chmas mulk | 82 160 |
Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish | Ko‘chmas mulk | 71 203 |
Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni tashishga litsenziya olish | Transport | 54 572 |
Yuridik shaxslarning hisobga qo'yilgan ma’lumotlari bilan tanishish | Iqtisodiyot, biznes va e-tijorat | 44 251 |
Soliqlar va yig‘imlardan soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish | Soliqlar | 40 082 |
Avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirish) ruxsatnoma olish | Transport | 38 200 |
O‘zbekiston Respublikasi hududida avtotransport vositasi orqali olib kirilayotgan yuk haqida ma’lumot olish | UJKX | 22 016 |
Kitobning xalqaro standart raqamini (ISBN) berish | Litsenziyalash | 21 764 |
Davlat kadastr reyestridan ko‘chmas mulk bo‘yicha ko‘chirma va kadastr pasportni tekshirish | Ko‘chmas mulk | 21 606 |
MyGov mobil ilovasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]
YIDXP orqali ko‘rsatilayotgan elektron davlat xizmatlarini aholi uchun yanada qulay formatda taqdim etish uchun MyGov mobil ilovasi ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur ilova orqali 2025-yil 1-fevral holatiga 527 ta xizmat taqdim etilmoqda.
MyGov mobil ilovasidan foydalanishning afzalliklari:
- MyID yuzni tanish yordamida identifikatsiyadan o‘tish;
- MobileID identifikatsiya usulidan foydalanib tizimga kirish;
- YIDXP yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali yuborilgan arizalarni kuzatish yoki natijasini elektron hujjat shaklida olish;
- Pullik elektron davlat xizmatlari uchun to‘lov qilish;
- YIDXP ga kirilgan qurilmalardagi sessiyalarni boshqarish.
MyGov mobil ilovasi orqali istalgan vaqtda elektron davlat xizmatlaridan foydalanish mumkin.
MyGov mobil ilovasini quyidagi havolalar orqali smartfon qurilmasiga bepul yuklab olib, o‘rnatish hamda elektron xizmatlardan foydalanishni boshlash mumkin: App Store hamda Google Play.
YIDXP modullari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Elektron davlat xizmatlari jismoniy va yuridik shaxslarga dxa.gov.uz moduli orqali; pochta bo‘limlarida postal.gov.uz sayti orqali hamda O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida esa council.gov.uz modullaridan foydalangan holda ko‘rsatib kelinmoqda.
Pullik xizmatlarga 10 foiz chegirma
[tahrir | manbasini tahrirlash]O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq har qanday davlat xizmatini olish, shu jumladan litsenziya, ruxsatnoma olish, davlat ro‘yxatidan o‘tish va boshqa xizmatlar uchun YIDXP orqali mustaqil ravishda murojaat etilganda davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki xizmat ko‘rsatuvchi organlarga bevosita murojaat etilgan taqdirda to‘lanadigan summaning 90 foizi miqdorida undirilishi belgilangan.
Shuningdek, ushbu Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat xizmatlari markazlari va (yoki) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali I va II guruh nogironlari hamda Yagona ijtimoiy himoya reyestrida ro‘yxatga olingan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatilganda, qonun hujjatlarida belgilangan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarga nisbatan 50 foiz chegirma qo‘llaniladi, bundan tadbirkorlik faoliyati yoki yuridik shaxs vakili sifatida murojaat qilgan holatlar mustasno.
Jismoniy shaxsning YIDXPdagi shaxsiy kabineti
[tahrir | manbasini tahrirlash]YIDXP foydalanuvchisining shaxsiy kabineti 17 ta boʻlimdan iborat boʻlib, unda foydalanuvchi, uning yashash joyi, oila tarkibi, ish joyi, koʻchmas mulk, transport vositalari, jarimalar, kommunal hisoblar qoldigʻi va boshqa turdagi maʼlumotlar aks etadi.
Bundan tashqari, shaxsiy kabinet orqali yuborilgan arizalar holatini kuzatishib borish va yuborilgan arizalar tarixini koʻrish mumkin.
Mukofotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yil brendi 2022
Yil brendi 2023
TAF!23 “2023-yil mobil ilovasi”
TAF!24 “2024 yil veb-sayti” va “2024 yil mobil ilovasi”
Foydali havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Yagona identifikatsiya tizimi OneID
- Ochiq ma’lumotlar portali
- Raqamli hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reyestri
- Elektron hukumatning ma’lumotnomalar va klassifikatorlar registri
- Attestatsiyadan o‘tkazish va malaka sertifikatini berish yagona axborot tizimi
- Elektron litsenziyalash tizimi