Kontent qismiga oʻtish

Ilyos

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Ilyos (arabcha: إلياس‎) – Qurʼonda nomi zikr etilgan paygʻambarlardan biri.

Ilyos oʻz qavmi Baʼl nomli oltindan yasalgan butga sigʻinib, zalolatga botgach, ularni hidoyat yoʻliga daʼvat etish uchun paygʻambar qilib yuboriladi. Ammo ular daʼvatni qabul qilmaydilar. „Bani Isroil“ni hidoyat yoʻliga sola olmay umidlari uzilgan Ilyos xudodan oʻz jonini olib, mashaqqatdan xalos etishni soʻraydi. Alloh unga qavmini isloh qilish yuklatilganligini, binobarin jonini olmay, oʻrniga soʻragan narsasini muhayyo etishni vaʼda qiladi. Ilyosga uch yilgacha yomgʻir yogʻdirish-yogʻdirmaslik ixtiyori beriladi. Qurgʻoqchilik boshlanib xalq qahatchilikka uchraydi, begunoh hayvon-u qushlar ham nobud boʻlib, daraxtlar quriydi. Shundan soʻng qavmning iltijosi bilan Ilyos va Alyasa Allohga yolvorib duo qilgach, koʻkda bulut paydo boʻlib yomgʻir yogʻadi. Xiyonatkor qavm esa yana ahdini buzib zalolat yoʻliga kiradi. Rivoyatda Ilyos pirovardida samoga koʻtarilib ketgani aytiladi. Bibliyadagi Iliya toʻgʻrisidagi hikoyatlarda ham shunday mazmun bor[1].

  1. „Ilyos“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (I-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.