Yusuf
Yusuf (arabcha: يُوْسُف ٱبْن يَعْقُوْب ٱبْن إِسْحَاق ٱبْن إِبْرَاهِيْم; Yusuf ibn Yaʼqub ibn Ishoq ibn Ibrohim) – Qurʼonda tilga olingan paygʻambarlardan biri. Rivoyatlarga koʻra, Yaʼqub paygʻambarning Rohila ismli xotinidan boʻlgan sevikli oʻgʻli. Bibliyada Iosif deb tilga olingan. Qurʼonning 12-surasi Yusuf nomi bilan ataladi. Alloh Yusufga tushlar taʼbirini aniq ayta olish qobiliyatini ato etdi. Naql qilishlaricha, Yaʼqub oʻz farzandlari orasida Yusufni koʻproq yaxshi koʻrar edi. Akalari unga hasad qilib Yusufni quduqqa tashlab yuboradilar, otalariga esa, Yusufni dashtda boʻri yeb ketdi, deb yolgʻon gapiradilar. Karvonda ketayotganlar Yusufni quduqdan chiqarib misrlik katta amaldorga sotadilar. Amaldorning xotini Zulayho Yusufni sevib qolib yoʻldan urmoqchi boʻladi. Yusuf zino qilishdan oʻzini tiyadi, lekin Zulayho igʻvosi tufayli gunohsiz zindonga tashlanadi. Zindondagilarning va Misr hokimining tushi taʼbirini toʻgʻri aytib, u yerdan qutuladi. Davlat xazinasini saqlovchi lavozimiga tayinlanadi. Yusuf Misr taxtida adolat bilan hukm yurgiza boshladi. Zulayhoni oʻz nikohiga oladi. Boshqa davlatlarda ocharchilik yuz berganda ham, Misr zaminida toʻkinchilik boʻladi. Ittifoqo Kanʼon (hozirgi Livan)dan uning akalari don soʻrab kelib qolib, Yusufni tanimaydilar. Yusuf bir puxta tadbir bilan ularni oʻz xato-gunohlariga iqror qiladi va otasi Yaʼqubning koʻzlari ochilishiga sabab boʻladi. Uni Misrga olib keladi. Islom anʼanasida Yusuf chiroyli yigit sifatida tasvirlanadi. Qurʼonda Alloh barcha ummatlari boshlariga tushgan balo-qazolarga sabr-qanoat qilsa, ularni kulfatlardan xalos etib, saodatli kunlarga yetkazajagi uqtiriladi. Oʻrta asrlar musulmon sharqida yaratilgan koʻpchilik badiiy asarlarda Yusuf haqidagi rivoyatdan keng foydalanilgan[1].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑
„Yusuf“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (Yu-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() | Islom shaxsiyati haqidagi ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |